O'zbekiston-Germaniya: o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichi sari
audio

    16+
    O'zbekiston-Germaniya: o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichi sari

    O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-30-sentabr kunlari amaliy tashrif bilan Germaniyada bo'ladi.

    body_image

    So'nggi yillarda O'zbekiston-Germaniya ikki tomonlama hamkorligi yangi sur'atlarga ega bo'ldi. Ikki davlat rahbarlari o'rtasidagi qizg'in siyosiy muloqotlar shundan dalolat beradi.

    O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 20-22 yanvar kunlari Germaniyaga bo'lib o'tgan birinchi rasmiy tashrifi, shuningdek, Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning o'sha yili 27-29 may kunlari O'zbekistonga javob tashrifi ikki tomonlama hamkorlik rivojiga kuchli turtki berdi.

    Ushbu oliy darajadagi uchrashuvlar davomida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, global va mintaqaviy tuzilmalar doiralaridagi o'zaro hamkorlik masalalari 2021-yil 12-mart kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya kansleri Angela Merkelning onlayn sammitida ham muhokama qilindi.

    Joriy yilning 2-3 may kunlari O'zbekiston Prezidenti Germaniyada navbatdagi tashrif bilan bo'lib, Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, kansler Olaf Shols va mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o'tkazdi.

    Bugungi kunda mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik ko'p qirrali bo'lib, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, texnologik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarni qamrab olgan.

    Shu bilan birga, O'zbekiston va Germaniya ko'p tomonlama formatlarda – BMT, YEXHT va boshqa tuzilmalar doirasida global hamda mintaqaviy kun tartibidagi masalalar bo'yicha samarali hamkorlik qilmoqda. Rasmiy Toshkent va Berlinning ko'plab masalalar, jumladan, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafikga qarshi kurash, shuningdek, Afg'onistondagi vaziyatni tartibga solish bo'yicha pozitsiyalari bir-biriga mos keladi yoki yaqin.

    Parlamentlararo aloqalar ham faollashgan. Turli darajadagi parlament delegatsiyalarining tashriflari almashinuvi yo'lga qo'yildi, O'zbekiston va Germaniya parlamentlarining do'stlik guruhlari va ixtisoslashtirilgan qo'mitalari o'rtasidagi aloqalar mustahkamlanmoqda.

    Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o'rtasida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va ko'p tomonlama kun tartibi yuzasidan muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar o'tkazilyapti. Joriy yilning 14 fevral kuni Toshkent shahrida ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 18-davrasi bo'lib o'tdi.

    2022-yil 31 oktabr – 2 noyabr kunlari Germaniya TIV rahbari Annalena Berbok tashrif bilan O'zbekistonga keldi. Tashrif davomida uni Prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Germaniya TIV rahbari, shuningdek, respublika vazirlik va idoralarida bir qator uchrashuvlar o'tkazdi, Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

    Jahon iqtisodiyotining turli sohalari va jabhalarida yetakchi o'rinlarni egallagan dunyoning yetakchi davlatlaridan biri - Germaniya O'zbekistonning Yevropadagi istiqbolli hamda ishonchli savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi.

    O'zbekistonning har tomonlama modernizatsiya qilinishi Germaniya ishbilarmon doiralarining iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qiziqishi ortishiga xizmat qilayapti.

    Bugungi kunda mamlakatimizda nemis sarmoyasi ishtirokidagi 200 dan ortiq korxona faoliyat ko'rsatmoqda. O'zbekiston bozorida Germaniyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari – «Deutsche Kabel», "Knauf", "Claas", "Papenburg" va «Falk Porsche» muhim o'ringa ega. "Siemens", "BASF", «Thissen Group», «Roland Berger», «Adidas Group» kabi o'z sohalaridagi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan. «Deutsche Bank», "Commerzbank" va "Landesbank" bilan moliyaviy sohadagi aloqalar rivojlanib bormoqda.

    Mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro tovar ayirboshlash hajmi so'nggi besh yil ichida 1,5 barobardan ortiq, 2018-yildagi 771,9 million dollardan 2022-yilda 1 milliard 150 million AQSH dollarga oshdi. Va bu o'sish tendensiyasi davom etmoqda. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida tomonlar salkam 610 million dollarlik savdo ayirboshlashni amalga oshirdi.

    2015-yilda tashkil etilgan Germaniya-O'zbekiston ishbilarmonlar kengashi (GO'IK) savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga katta hissa qo'shmoqda. Kengash o'ziga xos xususiyatga ega, chunki u O'zbekistondagi yagona G2B platformasi hisoblanadi. GO'IK o'z faoliyati davomida Germaniya ishbilarmon doiralari va O'zbekiston hukumati o'rtasidagi to'g'ridan-to'g'ri va ochiq muloqot uchun eng muhim platformaga aylandi.

    Savdo va sarmoya bo'yicha hukumatlararo ishchi guruhi ham savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga har tomonlama yordam bermoqda.

    Davlatimiz rahbarining may oyidagi Germaniyaga tashrifi chog'ida bo'lib o'tgan ishbilarmonlik tadbirlari natijasida umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ortiq bo'lgan savdo shartnomalari hamda sarmoyaviy- texnologik bitimlar imzolandi.

    Joriy yilning sentyabr oyida Germaniya ishbilarmon doiralari delegatsiyasi tarkibiga Savdo-sanoat palatasi a'zolari, shuningdek, «Falk Porsche Technik GmbH», «Kabel AG» (DKG), «Schneider Group», «DB Engineering & Consulting GmbH», «GP Günter Papenburg AG» va boshqa kompaniyalar rahbarlari hamda vakillari O'zbekistonga tashrif buyurib, vazirlik va idoralarda samarali muzokaralar o'tkazdi. Mamlakatimiz korxonalari va tadbirkorlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Germaniya ishbilarmonlar missiyasining ushbu tashrifi ikki davlatning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishdan o'zaro manfaatdorligini yana bir bor tasdiqladi.

    Germaniyada ikki tomonlama munosabatlar faollashgani fonida O'zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga qiziqish ham ortib borayotir.

    Joriy yil may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi doirasida davlatimiz rahbari germaniyalik hamkasbi bilan birgalikda Berlindagi Jeyms Simon galereyasida tashkil etilgan «O'zbekiston arxeologik xazinalari – Aleksandr Makedonskiydan Kushonlar davrigacha» ko'rgazmasining ochilishida ishtirok etdi. Ko'rgazma 2024-yil 14-yanvarga qadar davom etadi va uning faoliyati davomida Germaniya jamoatchiligi hamda mamlakat mehmonlarini o'zbek xalqining boy tarixi, betakror madaniyati va an'analari bilan tanishtiruvchi turli madaniy tadbirlar o'tkazilmoqda. Ko'rgazmadan O'zbekistondagi 9 ta muzey kolleksiyasidan 285 ta tarixiy ashyolar namoyish etilyapti.

    O'z navbatida, O'zbekistonda ham Germaniya, uning madaniyati, tili, ta'lim va biznes imkoniyatlariga qiziqish ortib bormoqda.

    Bugungi kunda O'zbekistonda qariyb 300 ming maktab o'quvchilari Gyote, Shiller va Kant tilini o'rganmoqda. 24 ta maktabda nemis tili chuqurlashtirilgan tarzda o'rgatilyapti. Ulardan 6 tasi, ya'ni Toshkent, Samarqand, Marg'ilon, Farg'ona, Andijon va Buxoro shaharlaridagi maktablar nemis tili diplomini berish huquqiga ega. Shuningdek, 4000 dan ortiq o'zbekistonlik aspirant va doktorantlar Germaniyaning turli universitetlarida tahsil olmoqda.

    Hozirgi kunda O'zbekistonda Gyote instituti, Germaniya Xalq universitetlari assotsiatsiyasining Xalqaro hamkorlik instituti, Xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasining vakolatxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ular bilan bir qatorda yurtimizda K.Adenauer va F.Ebert fondlarining ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi loyihalarni amalga oshirishga ko'maklashuvchi vakolatxonalari ochilgan.

    Hududlararo hamkorlik doirasida Toshkent va Berlin, Buxoro va Bonn shaharlari o'rtasida birodarlik aloqalari o'rnatilgan. Samarali madaniy-ma'rifiy almashinuvlar, barqaror rivojlanish loyihalari amalga oshirilmoqda.

    Ta'kidlash joizki, Germaniya Orolbo'yi mintaqasi uchun maqsadli jamg'armani qo'llab-quvvatlashga katta hissa qo'shmoqda. Jumladan, joriy yilning mart oyida jamg'arma faoliyatini qo'llab-quvvatlash bo'yicha kelishuv imzolangan bo'lib, unda Germaniya hukumati tomonidan og'ir ekologik vaziyatning Orolbo'yi aholisiga salbiy ta'sirini kamaytirishga maqsadli yordam ko'rsatish uchun 700 ming dollar ajratish ko'zda tutilgan.

    Germaniyaning hissasi milliy va mahalliy hamkorlar, BMT tuzilmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ilmiy doiralarning sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Orolbo'yida qo'shma dasturlar va moliyaviy ko'mak tufayli oziq-ovqat, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, sog'liqni saqlash muammolarini hal etish imkonini berayapti.

    Bugungi kunda O'zbekistonda 5 ​​mingga yaqin etnik nemis millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Ularga o'z milliy an'analari va madaniyatini asrab-avaylash bo'yicha barcha sharoitlar yaratilgan. Mamlakatimizda nemis millatiga mansub fuqarolar nafaqat o'zbek jamiyatining ajralmas qismi, balki ikki davlatni bog'lovchi ko'prik sifatida ham ko'riladi.

    Muxtasar aytganda, O'zbekiston va Germaniya munosabatlarining buguni rivoji o'zaro hurmat va manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan strategik sheriklikni yana-da muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi. Shubhasiz, Berlinda bo'lib o'tadigan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining oliy darajadagi birinchi sammiti o'zaro hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish hamda ikki mamlakat xalqlari manfaati uchun an'anaviy o'zaro manfaatli va do'stona O'zbekiston-Germaniya munosabatlarini mustahkamlash uchun yangi istiqbollarni ochishga xizmat qiladi.

    • view_icon 1145